Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi
Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi

 



Ma'naviyat tizimiga kirish 


Foydali manbalar


  Milliy bayramlar



mygovuz_uz.jpg

 

Rejadagi tadbirlar

Elektron fuqaro murojaatlari

Jami murojaatlar: 32                                       

Ko‘rib chiqilmoqda:                                               

Ko‘rib chiqilgan va javob berilgan: 32

  

connexontario_uz.jpg

Ob-havo


                  Все о погоде - Pogoda.uz

Ovoz berish


Barcha ovozlarni ko'rish
  1. Veb-saytimiz haqida qayerdan xabar topdingiz?
    7 22%
    6 19%
    8 25%
    5 16%
    6 19%

    Barcha ovozlar soni: 32


Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi (bundan keyin “Markaz” deb yuritiladi) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi qarorlarini joylarda amalga oshiradigan, targ’ibot-tashviqot ishlarini tashkil qiladigan, davlat byudjetidan mablag’lar bilan ta’minlanish bilan bir qatorda xo’jalik hisobida ham ish yurituvchi ijtimoiy tashkilotdir.

Markaz Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat tuyg’ularini chuqur singdirish kabi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan vazifalarni amalga oshiradi.
    Buning uchun Markaz hozirgi murakkab va tahlikali davrda  ma’naviy-ma’rifiy  targ’ibot ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish,   yurtdoshlarimizning hayotga ongli  munosabatini shakllantirish, yon-atrofda  yuz berayotgan  voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi,    tinch va osoyishta hayotimiz,   ko’p asrlik ma’naviyatimiz va milliy  qadriyatlarimizga xavf tug’dirishi mumkin bo’lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish, respublikamizdagi targ’ibot ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bilan shug’ullanadi.

1. Umumiy qoidalar

   1.1. Markaz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi huzuridagi tashkilot – uning tashkiliy guruhi, ijroiya idorasi hisoblanadi.
   1.2. Markaz faoliyati O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi Dasturi, Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi Dasturi va ushbu Nizom asosida olib boriladi.
   1.3. Markaz yuridik shaxs maqomi, bank muassasalarida milliy hamda chet el valyutalarida hisob raqami, o’z muhri,  ramzi va qog’oz blankalariga ega bo’ladi.
   1.4. Markaz O’zbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib boradi.

2. Markazning maqsad va vazifalari

2.1.  Milliy ma’naviyatimizning ma’no-mohiyati, ildizlari, noyob va betakror namunalari, bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan izchil  targ’ibot ishlari  olib borish.
2.2. Aholining keng qatlamlari, avvalambor, yoshlar o’rtasida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o’rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo’naltirilgan ma’rifiy tadbirlar o’tkazish.
2.3. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlari, keng ko’lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish, yurtimizga qarshi qaratilgan g’oyaviy va informatsion xurujlar, ularning ortida turgan kuchlarning g’arazli maqsadlarini fosh qilish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka da’vat etish, olimlar, siyosatchi va mutaxassislar, ijodkor ziyolilar ishtirokida joylarda samarali targ’ibot tizimini yo’lga  qo’yish.
2.4. Ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g’urur, komil inson tarbiyasi bilan bog’liq tuyg’u va tushunchalarni yosh avlod qalbi va ongiga ta’sirchan vositalar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, targ’ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg’unligi asosida tashkil etish.
2.5. YUrtdoshlarimizni muqaddas islom dini va falsafasi, aziz-avliyolarimizning ibratli hayoti, qutlug’ qadamjolari, boshqa diniy konfessiyalarga nisbatan hurmat-ehtirom va bag’rikenglik ruhida tarbiyalash, jamiyatimizda sog’lom turmush tarzi, millatlararo totuvlik, o’zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo’yicha ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni amalga oshirish.

3. Markaz faoliyatining asosiy yo’nalishlari

    3.1. Fuqarolarning ma’naviy barkamolligiga erishish maqsadida o’zbek xalqining boy tarixiy, ilmiy, falsafiy, madaniy va axloqiy merosi, umuminsoniy qadriyatlar hamda rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda milliy g’oya va mafkurani aholining ongi va qalbiga teran singdirish, uni xalqning ruhiy va ma’naviy kuch-qudrat manbaiga aylantirish.
    3.2. Mamlakat ahli, ayniqsa, yosh avlodning dunyo va mamlakat miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, faol fuqarolik, fidoyilik va vatanparvarlik tuyg’usini kamol toptirish.
    3.3. Mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo’lida jon fido qilib kurashgan buyuk ajdodlarning ibrati, o’tmish saboqlari, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar tahlili asosida jamiyatning har bir a’zosi qalbida milliy g’urur va hech qachon hech kimga qaram bo’lmaslik tuyg’usini kamol toptirish.
    3.4. Jamiyatda komil axloq, o’zaro insoniy munosabatlar,  izzat-ehtirom, mehr-muruvvat, millatlararo totuvlik, dinlararo bag’rikenglik g’oyalarini keng targ’ib etish.
3.5. “Sog’lom ona – sog’lom bola”, “Sog’lom bola – sog’lom kelajak” tushunchasini har bir oila, ota-ona, yigit va qiz qalbiga singdirish orqali sog’lom avlodni shakllantirish.
    3.6. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ko’zda tutilgan asosiy maqsadlarni, dasturning har bir fuqaro, oila taqdiri, kelajagi bilan chambarchas bog’liqligini keng targ’ib etish, uning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash, erishilgan yutuqlarni ommaga yetkazish.
    3.7. Tarbiya tizimida “Oila – bog’cha – litsey–kollej – oliy o’quv yurti – mahalla – jamiyat” tizimining to’laqonli va muntazam faoliyat ko’rsatishiga erishish.
    3.8. Milliy va dunyoviy tafakkurni uyg’unlashtirish yo’lida jahon fani, madaniyati, rivojlangan mamlakatlar tajribasini targ’ib etish, jamiyatda ilg’or andozalarga intilishni rag’batlantirish orqali fan va madaniyatni zamonaviy taraqqiyot cho’qqisiga ko’tarishga yordamlashish.
3.9. Xalqaro hayotda yuz berayotgan muhim voqea-hodisalar, yon-atrofimizda kechayotgan jarayonlar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, odamlarning faol mushohada yurituvchi va teran idrok etuvchi, ma’nan yetuk,  siyosiy jihatdan  faol fuqarolarga aylanishiga imkon yaratish.
3.10.  O’zbekiston tashqi va ichki siyosatda  erishayotgan yutuqlarning bugun va kelajak uchun ahamiyatini anglatish orqali milliy iftixor tuyg’usini kuchaytirish.
3.11. Demokratik tuzum, fuqarolik jamiyati, huquqiy davlatni shakllantirish va takomillashtirish jarayonida barcha ijtimoiy guruh va tabaqalar vakillarining huquqiy ongini yuksaltirish vositasida vatandoshlarimiz qalbida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini kuchaytirish, ayni paytda, o’zining fuqarolik huquqi, erkinliklari va burchini chuqur anglagan holda yashashi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi va ishlashiga ko’maklashish.
3.12. Jamoatchilikda ijtimoiy adolat mezonlarining har qanday shaklda buzilishiga, o’tmishdan meros illatlar – poraxo’rlik, oshna-og’aynigarchilik, urug’-aymoqchilik, mansabparastlik, ichkilikbozlik, giyohvandlik, axloqsizlik, qonunbuzarlik va boshqa illatlarning barcha ko’rinishlariga qarshi keskin va murosasiz munosabatni shakllantirish.
3.13. Jamiyatda diniy mutaassiblik va aqidaparastlik, yurt tinchligi, osoyishtaligiga rahna soladigan, vatandoshlarimizning imon-e’tiqodiga putur yetkazadigan har qanday g’oya va tushunchaga nisbatan ayovsiz kurashchanlik muhitini yaratish.
3.14. Fikrlar rang-barangligi, ko’ppartiyaviy jamiyat takomiliga erishish maqsadida ijtimoiy fikrlar va  tashabbuslarini ommalashtirishga yordam berish.
3.15. Xalqning tarixiy an’analari, xususiyatlari, milliy ong va turmush tarzining hayotiy tamoyillariga asoslangan holda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, jamoatchilikning ta’sir kuchini jamiyat axloqiy-ma’naviy hayotining mezoniga aylantirish.

4. Markazning  huquqlari

      4.1. O’zining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlar bo’limlariga ega bo’lish.
    4.2. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari, jamoat birlashmalari, ilmiy, ijodiy uyushmalar hamda muassasalardan ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo’yicha zarur ma’lumotlarni so’rab olish.
    4.3. yetuk mutaxassislarni shartnoma asosida haq to’lash va jamoatchilik asosida targ’ibot ishlariga jalb etish.
    4.4. Bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqib,  amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda aholining axloqiy kamolotiga, yoshlarning kasb-hunar o’rganishiga ko’maklashadigan, xo’jalik hisobida ish olib boradigan “Ma’naviy xazina”, “Kasb ma’naviyati” va shu kabi o’quv markazlari, klublar, to’garaklar, jamiyat ma’naviy kamolotiga xizmat qiladigan jamg’armalar, kichik korxonalar tashkil etish, ma’naviyat targ’iboti masalalari bilan shug’ullanuvchi jamoat tashkilotlari, uyushmalar, jamiyatlar va jamg’armalarni ixtiyoriy ravishda o’z tarkibiga qabul qilish.
    4.5. Respublikadagi barcha vazirlik, qo’mita, korporatsiya, kontsern, bank, korxona, uyushma, muassasa, tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ahvolini o’rganish, tahlil etish, muhokama qilish va shu asosda ularga tegishli tavsiyalar berish.
    4.6. Xo’jalik hisobida respublikadagi barcha vazirlik, qo’mita, korporatsiya, kontsern, bank, korxona, uyushma, muassasa, tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mutasaddi xodimlari malakasini oshirishga qaratilgan “Ma’naviyat targ’ibotchilari” o’quv kursini tashkil etish.
4.7. O’z faoliyati bilan bog’liq masalalar yuzasidan Markaz xodimlari hamda jalb etilgan mutaxassislarni, jamoatchi targ’ibotchilarni Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlar, shuningdek, xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga jo’natish.
    4.8. Qonunlarda belgilangan tartibda o’z gazetasiga, boshqa nashr organlariga ega bo’lish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish, turli tashkilotlarning muassisi, hammuassisi bo’lish.
    4.9. Xalqimizning boy ma’naviy, madaniy merosini respublikamizda va xorijda targ’ib qilish uchun foto-, audio-, video- (CD, VCD, DVD, MP 3) studiyalar tashkil etish.
    4.10. Markaz vazifalarini amalga oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning korxona, tashkilotlari va fuqarolari bilan turli shartnoma va bitimlar tuzish, ular bilan pul o’tkazish yoki naqd pul bilan hisob-kitob qilish.
    4.11. Xorijiy mamlakatlar korxonalari, vakillari bilan hamkorlikda faoliyat yurgizish hamda o’zaro so’m va chet el valyutalarida hisob-kitob qilish.
    4.12. Markaz ishida alohida o’rnak ko’rsatgan xodimlar va jamoatchi targ’ibotchilarni O’zbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda ularni o’z faxriy yorliqlari va pul mukofotlari bilan taqdirlash.
    4.13. Xo’jalik hisobidan ishlab topilgan va homiylar ko’magida shakllantirilgan moliyaviy mablag’lardan Markazning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashda hamda o’z xodimlarini rag’batlantirishda foydalanish.
    4.14. Belgilangan tartibda lotereyalar chiqarish, qimmatli qog’ozlar, aktsiyalar sotib olish va chiqarish, milliy g’oya va mafkura, ma’naviyat targ’iboti yo’nalishida turli shakl va uslubdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o’tkazish.
    4.15. Xo’jalik hisobidagi mablag’lar hisobiga chiqarilgan nashriy mahsulotlarini sotish.
       4.16. Markaz o’z balansidagi binoni, transport vositasini qonunlarda ko’zda tutilgan tartibda ijaraga berish.
    4.17. Markazni rivojlantirish jamg’armasini shakllantirish.
    4.18. Markaz o’z vazifalarini amalga oshirish maqsadida amaldagi qonunlarga zid bo’lmagan boshqa faoliyatlar olib borishi mumkin.

5. Markaz faoliyatini tashkil etish

    5.1. Markaz xodimlarining soni, xo’jalik va xizmat qiluvchi tarkib belgilab qo’yilgan me’yor bo’yicha aniqlanadi.
    5.2. Markazning ichki tuzilishi:
        Markaz boshqaruvi hay’ati.
        Markaz bo’limlari:
  – Targ’ibotchilar faoliyatini muvofiqlashtirish va malakasini oshirish bo’limi;
  – Ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot bo’limi;
  – Ijtimoiy-siyosiy targ’ibot bo’limi;
  – Huquqiy targ’ibot bo’limi;
  – Moliya-bugalteriya bo’limi;
  – Markazning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlar bo’limlari;
        – “Ma’naviy xazina”, “Kasb ma’naviyati”, “Ma’naviyat targ’ibotchilari” o’quv markazlari va xo’jalik hisobida ish yurituvchi boshqa guruhlar hamda kichik korxonalar.
5.3. Markaz ish faoliyatini o’zi belgilagan va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi tasdiqlagan ish rejalariga ko’ra amalga oshiradi.
5.4. Markaz faoliyati choraklik, yarim yillik va yillik hisobotlar tarzida yoritib boriladi.

6. Markazning boshqaruvi

6.1. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yuqori idora sifatida:
– Markaz ishini tashkil etadi, faoliyat yo’nalishini belgilaydi, qo’yilgan vazifalarning o’z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qiladi.
–    Markaz boshqaruv hay’ati tarkibini tasdiqlaydi.
6.2. Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi rahbari va  uning o’rinbosari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Markaz boshqaruv hay’ati:

   6.3. Markaz boshqaruv hay’ati markazning boshqaruv idorasi sifatida faoliyat ko’rsatadi. Tarkibi 7 (etti) kishidan iborat bo’lgan hay’atga markaz rahbari (hay’at raisi), uning o’rinbosari, bo’lim mudirlari kiradi.
   6.4. Hay’at o’z majlislarida markazning asosiy faoliyat yo’nalishi, uning joriy va istiqboldagi vazifalarini belgilaydi, Markaz tuzilmalarini rivojlantirish, iqtisodiy-moliyaviy faoliyatining ahvoli, kadrlar bilan ishlash masalalarini ko’rib chiqadi, Markazni rivojlantirish jamg’armasini shakllantiradi, undagi mablag’dan unumli foydalanish chora-tadbirlarini ko’radi, xodimlarni rag’batlantirish haqida qaror qabul qiladi, Markazga qarashli bo’limlar, guruhlar va korxonalar hisobotini tinglaydi, tegishli tavsiyalar beradi.
   6.5. Zarur hollarda Markaz Nizomiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritadi.
   6.6. Hay’at majlisi kamida har oyda bir marta o’tkaziladi. Hay’at a’zolarining kamida yarmidan ko’pi ishtirok etgandagina u o’z ishini boshlashi, ishtirokchilarning yarmidan ko’pi ovoz bergandagina uning qarori huquqiy asosga ega, deb hisoblanishi mumkin.
   6.7. Markaz bashqaruvi hay’ati qabul qilgan qarorlar Markaz rahbari buyruqlari bilan amalga  oshiriladi. Markazning barcha bo’limlari va tashkilotlari hay’at qarorlarini bajarishi shart.

Markaz rahbari:

6.8. Markazning umumiy faoliyatini tashkil etadi va boshqaradi.
6.9. Markaz  bo’limlari mudirlari, xodimlari, xo’jalik hisobidagi guruhlar va korxonalar rahbarlarini mehnat shartnomasi asosida buyruq  bilan tayinlaydi, bo’shatadi, moliyaviy ishlarni nazorat qiladi.
6.10. Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri  Ma’naviyat va ma’rifat Kengashlari raislari tavsiyasiga ko’ra, Markazning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo’limlari rahbarlarini tayinlaydi.
6.11. Markazning mintaqaviy-hududiy bo’limlari ishini tashkil etish,  faoliyati yo’nalishini belgilash, qo’yilgan vazifalarning o’z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qiladi.
6.12.  Amaldagi qonunchilik asosida hamda Markaz maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda Markaz tuzilma birliklarini, bo’limlarini va boshqa o’ziga qarashli korxona hamda tashkilotlarni barpo etadi va tugatadi.
6.13. Xodimlarning soni va ish haqi fondi doirasida shtatlar jadvalini tasdiqlaydi.
6.14. Markazning moliyaviy-xo’jalik masalalari bilan shug’ullanadi, homiylarning moddiy yordami hamda xo’jalik hisobi bilan qo’shimcha mablag’lar topishni yo’lga qo’yadi, Markazning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, xodimlarni moddiy rag’batlantirish chora-tadbirlarini ko’radi.
6.15. Jamoatchi targ’ibotchilarni tanlash, ularni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayoniga jalb etish, Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi hamda nashriyot va tashkilotlar tayyorlagan risola va qo’llanmalar, shuningdek, yangi zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan ta’minlash, rag’batlantirish masalalarini hal etadi.
6.16. Xo’jalik faoliyatidan tushgan mablag’ hisobidan Markaz rahbarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo’yicha o’rinbosari va boshqa zarur lavozimlarni joriy etishi mumkin.

7. Markazning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo’limlari

7.1  Markazning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo’limlari (bundan buyon – mintaqaviy bo’lim) Respublika Ma’naviyat targ’iboti markaziga bo’ysunadi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining Dasturi, Markaz Dasturi va ushbu Nizom talablarini, qabul qilingan qarorlarda belgilangan vazifalarni amalga oshiradi.
7.2. Mintaqaviy bo’lim tarkibiga Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazining shahar va tuman bo’limlari (bundan buyon – hududiy bo’limlar) kiradi.
7.3. Markazning mintaqaviy bo’limi rahbari, shahar va tuman Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi raisi tavsiyasiga ko’ra, Markazning hududiy bo’limi rahbarini tayinlaydi.
7.5. Mintaqaviy bo’lim joylarda Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi qarorlarini amalga oshiruvchi va targ’ibot-tashviqot tadbirlarini uyushtiruvchi tashkiliy guruh bo’lib, quyidagi yo’nalishlarda faoliyat ko’rsatadi:
– targ’ibotchilar faoliyatini muvofiqlashtirish va malakasini oshirish;
– ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot;
– ijtimoiy-siyosiy targ’ibot;
–    huquqiy targ’ibot;
–    Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazining «Ma’naviyat targ’ibotchilari» o’quv kursiga tinglovchilar yuboradi;
– shuningdek, o’quv kurslari va xo’jalik hisobida ish yurituvchi boshqa guruhlar hamda kichik korxonalar tashkil etish.

8. Markazning shahar va tuman (hududiy) bo’limlari

8.1. Markazning hududiy bo’limlari bevosita mintaqaviy bo’lim rahbarligida va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining Dasturi, Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi Dasturi va ushbu Nizom asosida faoliyat yuritadi.
8.2. Hududiy bo’lim mehnat jamoalarida, o’quv yurtlarida, ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishdagi muassasalarida, korxona va tashkilotlarda jamoatchilik asosida o’z hududiy boshlang’ich tashkilotlarini tuzishi mumkin. Ushbu holatda joylardagi tashkilotlar moliyaviy ta’minoti xo’jalik hisobidan o’z-o’zini ta’minlash asosida amalga oshiriladi.
8.3. Ma’naviyat targ’ibot markazining hududiy bo’limi joylarda hududiy Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi qarorlarini amalga oshiradi va targ’ibot-tashviqot tadbirlarini uyushtiradi va uning tarkibida targ’ibotchilarni muvofiqlashtirish tashkiliy guruhi hamda xo’jalik hisobida ish yurituvchi guruh va kichik korxonalar faoliyat ko’rsatadi.

9. Markazning moliyaviy mablag’lari va mulki

9.1.  Markaz faoliyatini va uning mintaqaviy-hududiy bo’limlarini moliyaviy ta’minlash xarajatlari, shuningdek, mahalliy va xorijiy nashrlarga obuna bo’lish, xorijiy ilmiy asarlarni sotib olish, har yili 20 (yigirma) bosma toboq hajmida ilmiy asarlar, tavsiyanomalar nashr etish xarajatlari davlat byudjeti va xo’jalik hisobidan amalga oshiriladi.
9.2.  Markaz mustaqil ravishda xorijiy korxonalar, firmalar, tashkilotlar va fuqarolar bilan muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish, ularning grant mablag’larini olish huquqiga ham ega.
9.3. Markaz o’z balansidagi xizmat binosiga, tegishli mol-mulkiga ega bo’ladi.
9.4. Markaz ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot faoliyatini yuksaltirish va xalq orasida ommaviylashtirish maqsadlarida xo’jalik va ishlab chiqarish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadi. Markaz o’z vakolatlari doirasida ma’naviyat va ma’rifat, milliy g’oya, milliy mafkura, milliy madaniyat, adabiyot va san’atni targ’ib etish bilan shug’ullanuvchi, xo’jalik hisobida ish yurituvchi video-, audio-, foto- studiyaga ega bo’ladi. Markaz va uning mintaqaviy-hududiy bo’limlari huzurida xo’jalik hisobida faoliyat ko’rsatuvchi, o’z-o’zini mablag’ bilan ta’minlashga asoslangan korxonalar tashkil etadi. Ijaraga beriladigan ortiqcha mulklardan keladigan tushumlar, yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek, mahalliy va xorijiy tashkilotlarning maqsadli badallari, homiylik mablag’lari, madaniy meros va tarbiyaviy ishlarni targ’ib etishdan kelgan daromadlar ham Markazning moliyaviy mablag’lari hisobiga kiradi va bu mablag’lardan Markaz ushbu Nizomda belgilangan vazifalar, moddiy-texnikaviy bazani mustahkamlash, o’z xodimlarini moddiy rag’batlantirish maqsadlarida foydalanadi.
9.5. Markaz tomonidan uyushtirilgan jamoatchi targ’ibotchilarning safar xarajatlari, ma’ruzalar haqi tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, muassasalar bilan tuzilgan shartnoma asosida buyurtmachi hisobidan shakllantiriladi. Markaz o’z xodimlari va jamoatchi targ’ibotchilari ma’ruzalar haqlarini Markaz boshqaruvi hay’ati belgilagan me’yorlar asosida to’laydi.

10. Markazning tugatilish tartibi

10.1. Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi faoliyati Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi qaroriga binoan tugatiladi.
10.2. Markaz faoliyati sud qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
10.3. Markaz faoliyati tugatilganda uning mablag’lari yuqori organ qarori bilan Markaz asosiy maqsad va vazifalari yo’lida sarflanadi.

11. Markazning manzili

Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazining manzili Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uyda joylashgan.

Orqaga qaytish