Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi
Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi

 



Ma'naviyat tizimiga kirish 


Foydali manbalar


  Milliy bayramlar



mygovuz_uz.jpg

 

Rejadagi tadbirlar

Elektron fuqaro murojaatlari

Jami murojaatlar: 32                                       

Ko‘rib chiqilmoqda:                                               

Ko‘rib chiqilgan va javob berilgan: 32

  

connexontario_uz.jpg

Ob-havo


                  Все о погоде - Pogoda.uz

Ovoz berish


Barcha ovozlarni ko'rish
  1. Yoshingiz nechada?
    13 22%
    11 19%
    21 36%
    11 19%
    10 17%
    16 27%

    Barcha ovozlar soni: 59


 Sun litsze: O‘zbekiston yigirma besh yilda asrlarga teng yo‘lni bosib o‘tdi

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Xitoy birinchilardan bo‘lib, mamlakatimiz bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Vaqt sinovidan o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari 25-yil davomida barqaror rivojlanmoqda. Tomonlar har ikki davlatning hayotiy muhim manfaatlariga daxldor masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab, barcha sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi arafasida O‘zA muxbiri Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan suhbatlashdi.

– Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi, – deydi elchi Sun Litsze. – Tarixan qisqa vaqtda O‘zbekiston xalqi Prezident Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Mamlakatingiz jahonda o‘zining munosib o‘rnini egalladi.

Yigirma besh yil tarix uchun juda qisqa muddat bo‘lishi mumkin. Ammo, mana shu qisqa davrda O‘zbekiston asrlarga teng yo‘lni bosib o‘tdi.

O‘zbekiston istiqlol yillarida faxrlansa arzigulik ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonning o‘z tanlagan taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay ildam borayotgani har qancha tahsinga sazovordir. Mamlakatingizda turli sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va infratuzilmani takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mamlakatingizning yuksak sur’atlarda rivojlanishiga xizmat qilayotir.

Istiqlol yillarida O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot sur’atlari Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va mashhur besh tamoyilga asoslangan “o‘zbek modeli”ning nechog‘li samaradorligi, to‘g‘riligi va hayotiyligini yaqqol namoyon etmoqda.

Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan sanoqli davlatlar sirasiga kiradi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning turli mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi islohotlar ham tahsinga loyiq. Iqtisodiyotda o‘z vaqtida izchil choralar qabul qilgan O‘zbekiston global inqiroz ta’siridan zarar ko‘rmadi.

O‘zbekistonda har yili yalpi ichki mahsulotning katta qismi o‘quv muassasalari barpo etish, ta’lim sharoitlarini yaxshilash va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga yo‘naltirilayotgani e’tiborga sazovordir. Bu ta’lim sifatini yanada yuksaltirish va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

– O‘zbekiston bilan Xitoy hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Bugun O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarni qamrab olgan. Xitoy O‘zbekistonning milliy va mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.

Davlatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlarida o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashib kelinadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil sentabr oyida Xitoyga safari, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning 2016-yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotir.

Mamlakatlarimiz Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishini birgalikda tashkil etishni qo‘llab-quvvatlamoqda, munosabatlarimizni izchil kengaytirish va amaliy mazmun bilan boyitishga intilmoqda, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini topmoqda, xalqaro masalalar bo‘yicha o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlamoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘smoqda. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilgan investitsiya va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari, jumladan, yuqori texnologiyalar sohasida ham faol rivojlanib borayotir.

Mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikda qator yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. 2013-yilda yuqori texnologiyalar sanoat parki shaklida tashkil etilgan “Jizzax” maxsus industrial zonasi bunga yorqin misoldir.

Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining barcha to‘rt tarmog‘i O‘zbekiston hududidan o‘tgan. Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) mamlakatingizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gaz hamkorlikda chuqur qayta ishlanmoqda.

Xitoy biznes subyektlari Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi va Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilishida ishtirok etgan. “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 20 loyiha amalga oshirildi. Xitoy davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki kreditlari hisobidan sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va boshqa sohalarda qirqdan ziyod loyiha hayotga tatbiq etildi.

Xitoy O‘zbekistonga mintaqaviy transport uzeli sifatida katta ahamiyat qaratadi va bu borada o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish, mamlakatlarimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan sharoitlar yaratish uchun mintaqada infratuzilma sohasida o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdordir. Chunonchi, shu yilning fevral oyida Xitoy bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport yo‘lagining yangi bo‘g‘ini bo‘lgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunneli qurilishi nihoyasiga yetdi. Ushbu strategik obyektlar Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning 2016-yil iyun oyida mamlakatingizga davlat tashrifi doirasida tantanali ochilgani O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik hamkorlikning yuksak samarasidir.

– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniyat, ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

– Madaniyat va san’at hamisha xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelgan. Asrlar davomida shakllangan do‘stona munosabatlar Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik hamda do‘stlik rishtalari uchun mustahkam asos bo‘lmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat, fan, ta’lim, turizm sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotir. “O‘zbekiston – Xitoy” va “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari bu boradagi aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari, ilmiy muassasa va korxonalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan Pekin pochta va telekommunikatsiyalar universiteti, Lanchjou texnologiya universiteti hamda «Huawei» kompaniyasi bilan ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida bitim va shartnomalar imzolangan. Yaqinda Toshkent shahridagi Inha universiteti va “Huawei” kompaniyasi o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. “Huawei” kompaniyasi mazkur memorandum doirasida to‘rt yil davomida Toshkentdagi Inha universiteti bakalavriat bosqichining iqtidorli besh talabasiga grant taqdim etadi. Shuningdek, hamkorlik doirasida universitet talabalari uchun maxsus IT-kurslar, IT-laboratoriyalar tashkil etish hamda talabalarga biznes-loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda.

Xitoyda o‘zbek tili, O‘zbekistonda xitoy tili o‘rgatilmoqda. Toshkent va Samarqandda Konfutsiy institutlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xitoy millatlar markaziy universiteti va Pekin xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy-tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi faoliyat yuritmoqda.

Xitoy qadimgi madaniyat yodgorliklari ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, Xitoy shimoli-g‘arbiy universiteti o‘zbekistonlik hamkasblari bilan arxeologik tadqiqotlar olib borish va tarixiy obidalarni restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ishlamoqda, Buyuk ipak yo‘lining asl ko‘rinishini qayta tiklash ustida izlanishlar olib bormoqda.

Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Xorazmiy va boshqa mashhur allomalar asarlarini Xitoyda yaxshi bilishadi. Yaqinda xitoylik taniqli yozuvchi Lao Shening «Mushuklar shahri xotiralari» asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib chop etildi. Bu asar o‘zbek kitobxonlariga Xitoy adabiyoti bilan yaqindan tanishishga yordam beradi, deb o‘ylayman.

Xitoylik san’atkorlar “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda. 2015-yilgi festivalda bosh sovrin – Gran-prini Xitoyning “Jiangsu Women’s Orchestra” guruhi qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian shaharlari, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ikki mamlakat hududlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari rivojlanishiga xizmat qilayotir.

– Ma’lumki, shu yilning 23-24-iyun kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammit va O‘zbekistonning tashkilotga raisligi haqidagi fikrlaringizni so‘zlab bersangiz.

– ShHT 15-yildan buyon o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniyatlar va sivilizatsiyalar xilma-xilligini hurmat qilish, birgalikda rivojlanishga intilishni o‘zida mujassam etgan «Shanxay ruhi»ni hayotga tatbiq etib kelmoqda. Tashkilot ochiqlik, bag‘rikenglik, hamkorlik va umumiy manfaat asosida yangi ko‘rinishdagi xalqaro munosabatlarni shakllantirish tarafdori bo‘lgan va shunday bo‘lib kelmoqda, mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Xitoy bilan O‘zbekiston munosabatlari mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda ko‘p qirrali aloqalardan biri bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida ham jadal rivojlanib bormoqda.

O‘zbekistonning ShHTga raisligi davrida tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikda amaliy natijalarga erishishga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash zarur. ShHT Davlat rahbarlari uchrashuvida erishilgan salmoqli natijalar ko‘p jihatdan O‘zbekistonning tashkilotga raisligi hamda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sammitga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rilgani samarasidir.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkentda o‘tkazilgan majlisi tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida muhim kelishuvlarga erishilgan sammit sifatida ShHT tarixidan alohida o‘rin egalladi. Unda qabul qilingan qarorlar ShHT makonida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlab, tinchlik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

– O‘zbekistonda 2016-yil Sog‘lom ona va bola yili, deb e’lon qilingan. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan xotin-qizlar va bolalar salomatligini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham fikrlaringizni bildirsangiz.

– O‘zbekiston onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida mintaqadagi yetakchi mamlakatdir. Yurtingizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha shakllantirilgan samarali mexanizm hamda aholining reproduktiv salomatligini yanada yaxshilash yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida ona va bola salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan va xalqaro standartlarga javob beradigan keng ko‘lamli islohotlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi keng ko‘lamli ishlar mamlakatingizning eng chekka hududlarida ham amalga oshirilayotgani kishini quvontiradi. Bu islohotlar samarasida onalar va bolalar o‘limi sezilarli darajada kamaydi, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi oshdi.

Ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinikalar, zamonaviy jihozlangan qishloq vrachlik punktlarida Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimining joriy etilgani aholi salomatligini mustahkamlash O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekaniga yana bir yorqin misol bo‘la oladi. Shuningdek, mamlakatingizning barcha hududlarida sifat jihatdan yangi, xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini o‘z ichiga olgan tibbiy markazlar faoliyat yuritayotgani hamda ularda barcha xizmatlar bepul amalga oshirilayotgani tahsinga sazovordir. O‘zbekistonda tibbiyot sohasi mutaxassislari malakasini oshirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ham yuksak samaralar berayotir.

– Joriy yil 12-16-iyul kunlari Toshkentda I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot va oziq-ovqat tarmoqlari salohiyati haqida ham fikrlaringizni aytib o‘tsangiz.

– Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan va har tomonlama puxta o‘ylangan oqilona siyosat samarasida O‘zbekistonda barcha soha jadal rivojlanmoqda. Qisqa vaqt ichida mamlakatingizda hayotga tatbiq etilgan tub islohotlar qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ularni eksport qilish imkonini bermoqda. O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biriga aylandi.

Serquyosh O‘zbekiston zaminida yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar o‘zining ta’mi, mazasi, tabiiyligi va xilma-xilligi bilan dunyoga tanilgan. Shu bois xorijlik mutaxassislar mamlakatingizda meva yetishtirish uslublari bilan qiziqmoqda. O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati korxonalarining izchil modernizatsiya qilinayotgani, mahsulot turlari ko‘payib, sifati yaxshilanayotgani ham tahsinga sazovordir. Zero, yurtingiz bozorlari azaldan to‘kin-sochinligi bilan mashhur.

Xitoylik tadbirkorlar ham I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida faol ishtirok etdi. Ular forum doirasida O‘zbekistonning meva-sabzavotchilik sohasi bilan tanishib, fermerlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirib, qayta ishlaydigan ko‘plab xo‘jaliklarda bo‘ldi. Xitoyning aksariyat olim va mutaxassislari, tadbirkorlari mamlakatingiz bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi. Zero, O‘zbekiston bu borada katta salohiyatga ega mamlakat.

– Suhbatimiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi arafasida o‘tmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqiga tilaklaringiz.

– O‘zbekiston xalqi davlat mustaqilligining 25-yilligini keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Fursatdan foydalanib, xalqingizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonga farovonlik, kuch-qudrat, baxt-saodat tilayman. Osmoningiz hamisha musaffo bo‘lsin. Zotan, tinchlik va xotirjamlik har qanday davlat taraqqiyotining muhim omilidir.

Orqaga qaytish